Skip to content
Asosiy Aktiv
Business

Nega 316,7 milliard so‘mga baholangan "Fonon"ning xaridori ulkan qarz botqog‘iga tayyor turishi kerak?

Sobiq «Fonon» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida 2021-yilda qayta tashkil etilgan ushbu zavod dastlab ulkan iqtisodiy maqsadlar bilan ish boshlagan edi.

Davronbek Sanakulov
August 28, 2026 · 3 min read

This article has not been translated yet. Showing the Uzbek original.

Nega 316,7 milliard so‘mga baholangan "Fonon"ning xaridori ulkan qarz botqog‘iga tayyor turishi kerak?
Feed
AIAI summary
  • Nega 316,7 milliard so‘mga baholangan "Fonon"ning xaridori ulkan qarz botqog‘iga tayyor turishi kerak?
  • Sobiq «Fonon» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida 2021-yilda qayta tashkil etilgan ushbu zavod dastlab ulkan iqtisodiy maqsadlar bilan ish boshlagan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «Fonon» zargarlik zavodi («Gold Moon Tashkent» kompaniyasi) 100 foiz davlat ulushi bilan ochiq auksionga chiqarildi. Poytaxtning qulay hududida 2,56 gektar yer maydoni va 11,37 ming kvadrat metr bino-inshootlarga ega bo‘lgan ushbu obyektning xususiylashtirilishi tashqi tomondan yirik ishlab chiqarish quvvatining sotuvi bo‘lib ko‘rinsa-da, uning ichki moliyaviy tuzilmasi investorlar uchun bir qator jiddiy risklarni o‘zida yashirgan.

Yirik umidlar va ketma-ket moliyaviy yo‘qotishlar xronologiyasi

Sobiq «Fonon» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida 2021-yilda qayta tashkil etilgan ushbu zavod dastlab ulkan iqtisodiy maqsadlar bilan ish boshlagan edi. O‘sha vaqtda loyihaning umumiy qiymati qariyb 21 million dollarga baholangan bo‘lib, korxona yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi ta’kidlangan edi. Biroq, keyingi yillardagi moliyaviy hisobotlar o‘tkir operatsion samarasizlikni fosh qildi. Kompaniya 2024-yilni 12,3 milliard so‘m sof zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, 2025-yilda jami daromad o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1 foizga qisqarib, 413,8 milliard so‘mni tashkil qildi. Garchi 2025-yilda zarar miqdori 7,8 milliard so‘mga tushgan bo‘lsa-da, umumiy moliyaviy barqarorlik ta'minlanmadi.

2026-yilgi burilish va aktivlardagi disbalans

2026-yilning birinchi yarim yilligiga kelib, korxona faoliyatida kutilmagan ijobiy siljish kuzatildi. Olti oy ichida «Gold Moon Tashkent» 281,9 milliard so‘m daromad qilib, davrni 33,4 milliard so‘m sof foyda bilan yopishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, bu operatsion foyda kompaniyaning o‘tmishdan kelayotgan chuqur moliyaviy teshiklarini to‘liq yopishga yetarli emas.

Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, zavodning jami aktivlari 443 milliard so‘mni tashkil qilmoqda. Ammo uning zimmasidagi majburiyatlar hajmi bundan keskin yuqori — 550,3 milliard so‘mga yetgan. Buning oqibatida kompaniyaning sof aktivlari hamon manfiy hududda, ya'ni minus 107,3 milliard so‘m darajasida qolmoqda (bu ko‘rsatkich 2025-yil yakunidagi minus 140,8 milliard so‘mga nisbatan biroz yaxshilangan xolos).

Auksion shartlari va investor uchun yashirin xatarlar

Ochiq auksion 28-sentabr kuni soat 10:00 ga belgilangan bo‘lib, boshlang‘ich narx 316,7 milliard so‘m etib tasdiqlangan. Savdoda ishtirok etishni xohlovchi investorlar dastlab 9,5 milliard so‘m zakalat puli kiritishlari va auksion jarayonida har bir qadam uchun boshlang‘ich narxning 5 foizi (15,8 milliard so‘m) miqdorida narxni oshirib borishlari talab etiladi. Xaridorga xarid qiymatini 36 oygacha bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etiladi. Biroq, agar dastlabki to‘lov 35 foizdan kam bo‘lsa, qolgan qarz summasiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ustama foiz hisoblanadi.

Sotuvga qo‘yilgan ushbu lot xususiy kapital egalari uchun bir qator o‘ta og‘ir yuklamalarni ham mujassam etgan:

Kreditorlik yuki: Xaridor zavodni 305,9 milliard so‘mlik ulkan kreditorlik qarzi va bor-yo‘g‘i 13,2 milliard so‘mlik debitorlik qarzi bilan birgalikda to‘liq o‘z zimmasiga oladi.

Infratuzilma eskirishi va bank taqiqi: Asosiy fondlarning balans qiymati 110,7 milliard so‘mni, eskirish darajasi esa 33,2 foizni tashkil etadi. Eng yomoni, bino va inshootlarga qaysidir tijorat banki tomonidan taqiq qo‘yilgan bo‘lib, uning sabablari va majburiyat hajmi auksion shartlarida ochiqlanmagan.

Kadrlar bo'yicha ziddiyatli raqamlar: E-auksion tizimidagi lot kartasida o‘rtacha yillik xodimlar soni 459 kishi deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ilova qilingan pasportda bu raqam 309 kishi ekani qayd etilgan.

Shunga qaramay, xususiylashtirish shartlarida yangi xaridor uchun hech qanday qo‘shimcha investitsiya kiritish, zargarlik yo‘nalishini saqlab qolish yoki ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha majburiyatlar belgilanmagan. Bu degani, potensial xaridor qariyb 317 milliard so‘m to‘lab, qo‘shimcha 306 milliard so‘m qarzni zimmasiga olish asnosida o‘z e'tiborini zavodni ishlab chiqarish obyekti sifatida saqlab qolishga emas, balki qimmatbaho hududdagi 2,56 gektar yerni butunlay boshqa ko‘chmas mulk yoki tijorat loyihasiga aylantirishga qaratishi ehtimoli juda yuqori.

Comments (0)

Only registered users can comment. Sign in

No comments yet. Be the first!

Read also

···