2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda litsenziyaga ega bo'lgan 32 ta to‘lov tashkilotining umumiy moliyaviy natijalari e’lon qilindi. Raqamlar moliya sektorida qanchalik shafqatsiz qutblanish jarayoni kechayotganini fosh qiladi. Olti oy yakuniga ko‘ra, sektorning umumiy sof foydasi 735,2 milliard so‘mni tashkil etib
, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga (258,3 milliard so‘mga) keskin qisqargan. Ushbu umumiy pasayishning asosiy sababchisi bitta yirik kompaniya — "Solutions Lab" (Uzum Nasiya)
bo'ldi. O‘tgan yili 311,9 milliard so‘m sof foyda ko‘rgan ushbu muddatli to'lov xizmati joriy yilda to'satdan 267,6 milliard so‘m zarar bilan chiqdi. Bu holat agressiv iste'mol kreditlash va p2p aylanmalar modelining makroiqtisodiy tebranishlarga qanchalik ta’sirchan ekanligini ko‘rsatadi.
Hisobot topshirgan 32 ta tashkilotning teng yarmi, ya’ni 16 tasi foyda bilan, qolgan 16 tasi esa jiddiy zarar bilan faoliyatini yakunlagan. Zarar ko‘rgan tashkilotlarning umumiy zarari 19,5 milliard so‘mdan 299,6 milliard so‘mga (15,4 barobarga) sakragan. Ammo raqamli iqtisodiyot uchun eng xavotirli signal uning mutlaq monopollashuvidadir. Daromad bilan chiqqan kompaniyalarning umumiy sof foydasi 1 trillion 256,4 milliard so‘mga yetgan bo‘lsa-da, ushbu yig'indi foydaning qariyb 93,9 foizi faqatgina uchta o‘yinchi — Paynet, Payme va Click hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan barcha litsenziyalangan kompaniyalar shunchaki bozorning "statistik qoldig‘i" bo‘lib, real raqobatbardoshlikka ega emas.
Xususiylashtirishdagi mavhumlik: Paynet aslida kimniki?
Ushbu uchlik orasida Paynet butunlay alohida va bahsli fenomen hisoblanadi. 2005-yilda xususiy biznes sifatida tashkil etilgan ushbu tizim yillar davomida Xalq banki timsolida to'liq davlat tasarrufida ishlab keldi. 2022-yilning avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) kompaniyadagi 100 foiz davlat ulushini ochiq savdoga chiqargan edi. O‘shanda qisqa muddat ichida yettita salohiyatli xaridordan rasmiy ariza kelib tushgani xabar qilingan. Biroq kutilmaganda, jarayon "qo‘shimcha aniqlashtirish ishlari" vaji bilan muddatidan oldin to‘xtatib qo‘yildi.
Hech qanday ochiq press-relizlar va savdo natijalarisiz, Paynet ta'sischisi jimgina o‘zgardi. davlatning 100 foizlik ulushi 2019-yilda tashkil etilgan "New Industrial Technologies" MChJga o‘tib ketgan. Ustav fondi 273,56 milliard so‘m qilib belgilangan ushbu yuridik shaxsning 60 foizi Aleks Liga, 40 foizi esa Mustafa Abduraxmanovga tegishli ekanligi reyestrlarda qayd etilgandi. M. Abduraxmanov shu bilan birga "Asia Alliance Group" kompaniyasining 77,6 foiz ulushiga egalik qiladi (uning qolgan 22,4 foizi Buyuk Britaniyada ro'yxatdan o'tgan Gor Investment Ltd hissasiga to'g'ri keladi). Bu orqali u "Asia Alliance Bank"ning yirik aksiyadorlaridan biriga aylanadi. Demak, mamlakatning asosiy to'lov shlyuzi yirik xususiy bank strukturasi bilan vertikal integratsiya qilindi.
Eng shubhali jihati shundaki, 2026-yilning avgust oyiga kelib "New Industrial Technologies" kompaniyasini ochiq davlat reyestrlaridan topish yoki uning joriy faoliyat holatini yuridik tasdiqlash imkonsiz bo'lib qoldi. Davlatning strategik aktivi qachon, qanday ochiq savdo auksioni asosida va eng muhimi, davlat byudjetiga aniq qancha mablag‘ tushirgan holda sotilgani haqida hech qanday axborot mavjud emas. Barcha fuqarolarning to‘lov tarixi va shaxsiy ma’lumotlarini nazorat qiluvchi platformaning egalari informatsion maydondan yo‘q bo‘lib qolishi regulyatorlar va milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ulkan xatardir.
Daromad anomaliyasi va HUMO tizimining bevosita ta'siri
Egalari sir saqlanayotgan ushbu kompaniyaning 2026-yilgi joriy moliyaviy natijalari iqtisodiy mantiq chegaralaridan chiqib ketadi. Birgina yanvar-iyun oylarida Paynet 615,5 milliard so‘m (yoki taxminan 50 million AQSh dollari atrofida) sof foyda qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 barobarga (414,5 milliard so‘mga) ko‘p. Kompaniyaning sof operatsion tushumi 51 foizga o‘sib, 1 trillion 142,2 milliard so‘mni tashkil etgan.
Paynet ushbu summaning yarmidan ko'pini shunchaki davlat infratuzilmasi hisobiga passiv ravishda o'zlashtirmoqda. Kompaniya o‘ziga tegishli bo‘lgan HUMO milliy to‘lov tizimidan salkam 321,1 milliard so‘m miqdorida dividend undirdi. Bu mablag‘ joriy yildagi jami sof foydaning 52,2 foizini tashkil etadi. Agar tashkilot ushbu dividendlarni olmaganda ham, uning faqat operatsion biznesidan ko'rgan sof foydasi 294,4 milliard so‘m bo'lardi. Bu "tozalangan" natijaning o'zi ham eng yaqin raqobatchisi — Payme’dan 43 foizga, Click’dan esa qariyb ikki barobarga ko‘proqdir.



