Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Ella Pamfilovaning ma'lum qilishicha, protokollarning 95,18 foizi qayta ishlanganidan so'ng, "Yagona Rossiya" partiyasi partiya ro'yxatlari bo'yicha 57,83 foiz ovoz to'pladi va 208 ta bir mandatli saylov okrugida g'alaba qozonmoqda.
Shuningdek, KPRF (Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi) 13,81 foiz ovoz bilan ikkinchi o'rinda va 5 ta bir mandatli okrugda yetakchilik qilmoqda. LDPR 8,98 foiz ovoz va 2 ta bir mandatli okrug, "Yangi odamlar" partiyasi esa 7,96 foiz ovoz yig'ib, hozircha birorta ham bir mandatli okrugda g'alaba qozonmagan. "Adolatli Rossiya" partiyasi esa partiya ro'yxatlari bo'yicha 4,96 foiz ovoz to'plab, hozircha Davlat Dumasiga kirmayapti, biroq 4 ta bir mandatli okrugda g'alaba qozonmoqda.
Ushbu siyosiy voqea fonida, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo'llab, uni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o'tgani bilan dildan tabrikladi. O'zbekiston rahbari saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik jipsligini yana bir bor yaqqol namoyish etganini ta'kidladi. Rekord darajadagi ishtirok va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolarining Prezident Vladimir Putin rahbarligida amalga oshirilayotgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan strategik kursini so'zsiz qo'llab-quvvatlashining isboti sifatida baholandi. Shuningdek, maktubda ikki tomonlama loyiha va dasturlarni amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlikning alohida o'rni qayd etildi.



