Kontentga o'tish
Asosiy Aktiv
Kun kompaniyasi

Rothschild & Co O'zbekistonda: Ikki asrlik moliya imperiyasi davlat aktivlarini qanday pullamoqda?

Rothschild & Co O'zbekiston bozoriga 2018-yilda qadam qo'ydi. Bugungi kunda xolding O'zbekistonda bir qator yirik moliyaviy operatsiyalar ustida ishlamoqda.

Davronbek Sanakulov
20-avgust, 2026 · 3 daq. o'qish
Rothschild & Co O'zbekistonda: Ikki asrlik moliya imperiyasi davlat aktivlarini qanday pullamoqda?
Lenta
AIAI-xulosa
  • Rothschild & Co O'zbekistonda: Ikki asrlik moliya imperiyasi davlat aktivlarini qanday pullamoqda?
  • Rothschild & Co O'zbekiston bozoriga 2018-yilda qadam qo'ydi. Bugungi kunda xolding O'zbekistonda bir qator yirik moliyaviy operatsiyalar ustida ishlamoqda.

Xalqaro kapital bozorlarida Rothschild nomi shunchaki tarixiy brend emas, balki milliardlab dollar aylanmasiga ega strategik xaridlar va yirik xususiylashtirish jarayonlarining bosh me'mori hisoblanadi. Ikki asrdan ortiq vaqt davomida Rotshildlar oilasining fransuz va ingliz sho'balari tomonidan boshqariladigan ushbu moliyaviy xolding bugungi kunda O'zbekiston bozoriga yirik kapital oqimini yo'naltiruvchi strateg sifatida chuqur kirib keldi. Kompaniyaning moliyaviy ko'rsatkichlari uning global ta'sir doirasini yaqqol ko'rsatadi. O'tgan 2025 yilning o'zida xoldingning yillik aylanma mablag'lari 1,4 milliard dollarni, sof foydasi esa 160 million dollardan ortiqni tashkil etdi. Faqatgina o'tgan yili Rothschild umumiy qiymati 673 milliard dollarga teng bo'lgan 694 ta bitimga bosh-qosh bo'ldi.

Rothschild & Co O'zbekiston moliyaviy bozoriga 2018 yilda kirib keldi. Kompaniyaning yirik rahbarlaridan biri Jovanni Salvetti mamlakatdagi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda bozorlarni ochish siyosatida ulkan moliyaviy salohiyatni ko'ra oldi. Ular dastlab Qozog'iston Milliy bankiga maslahat berish va hukumat aktivlarini xususiylashtirish bo'yicha ishlagan muvaffaqiyatli modelini Toshkentda ham joriy etishdi.

Hukumatning eng yirik loyihalaridan biri hisoblangan Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan kompaniyasidagi 57,1 foizlik davlat ulushini sotish jarayonida Rothschild & Co bevosita bosh moliyaviy konsultant vazifasini bajardi. Kompaniya bitimning xalqaro moliya bozorlari standartlariga mos ravishda shaffof o'tishini ta'minladi, global investorlarni jalb qildi va sotilayotgan aktivning real bozor qiymatini belgilab berdi. Bu jarayon Rothschild uchun mamlakatdagi ilk yirik moliyaviy operatsiyalardan biri bo'lib, hukumatning xususiylashtirish dasturini amalda sinovdan o'tkazdi.

Biroq, Rothschild & Co O'zbekistondagi eng yirik bitimlaridan birini aynan 2026 yilning avgust oyiga kelib muvaffaqiyatli yakunladi. Hukumat Mobiuz mobil operatorining 100 foizlik davlat ulushini xususiylashtirdi va ushbu xalqaro tenderda Rothschild & Co strategik maslahatchi sifatida jarayonni to'liq boshqardi. Bozor qoidalariga ko'ra o'tkazilgan ochiq tanlovda Qo'shma Shtatlarning McKim and Company investitsiya fondi va JVR Capital Group texnologik hamkori boshchiligidagi konsorsium g'olib deb topildi. Mobil operator biznesi 351 million dollarga baholandi va bu ko'rsatkich EV/EBITDA bo'yicha 7,4 karra barobarni tashkil qilib, mustaqil baholovchilarning kutilmalaridan ancha yuqori bo'ldi. Eng muhimi, yangi investorlar aktivni sotib olishdan tashqari, kompaniyaning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun yana 500 million dollar miqdorida to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kiritish majburiyatini oldi. Ushbu loyihaga Amerika, Yaponiya, Yevropa va Fors ko'rfazi davlatlaridan 100 dan ortiq strategik investorlar qiziqish bildirgan bo'lib, 6 ta qat'iy moliyaviy taklif kelib tushgani bitimning naqadar yirik va jozibador bo'lganini isbotlaydi.

Bugungi kunda xolding O'zbekistonda boshqa milliardlik operatsiyalar ustida ishlamoqda. Energetika sektorida O'zbekneftgaz kompaniyasini xususiylashtirishga tayyorlash va O'ztransgaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun xalqaro kapital bozorlaridan sinditsirlangan kreditlar jalb etish loyihalari shular jumlasidandir. Shuningdek, bank sektorida O'zsanoatqurilishbankni xususiylashtirish bo'yicha xorijiy investorlar uchun moliya bozorlarida roud-shou tadbirlarini o'tkazish, bankning davlat ulushini sotish mexanizmlarini ishlab chiqish ham bevosita Rothschild mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya davlat gigantlarini IPO orqali xalqaro fond birjalariga olib chiqish arxitekturasini chizmoqda.

Rivojlanayotgan O'zbekiston iqtisodiyoti uchun Rothschild & Co kabi o'yinchilarning mavjudligi shunchaki obro' emas, balki hayotiy zaruratdir. Ular xalqaro fond bozorlaridagi yirik xususiy kapital egalari uchun O'zbekistonning barqaror va kafolatlangan bozor ekanligini tasdiqlovchi o'ziga xos moliyaviy audit vazifasini o'taydi. Yirik davlat korxonalarini bozor iqtisodiyotiga o'tkazish, boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish va aktivlarni eng yuqori narxlarda xorijiy kapitalga sotishda ushbu moliyaviy institutning ishtiroki O'zbekistonni global moliyaviy ekotizimga bog'lovchi asosiy ko'prik hisoblanadi.

Izohlar (0)

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldira oladi. Kirish

Hozircha izohlar yo'q. Birinchi bo'ling!

Shuningdek o'qing

···