Kontentga o'tish
Asosiy Aktiv
Siyosat

O'zbekistonda 32 trillion so'm aylanadigan "maxsus" hududlar

O'zbekiston iqtisodiyotini keskin o'zgartirgan maxsus zonalar hamda IT Parkning aqlbovar qilmas muvaffaqiyati

Davronbek Sanakulov
16-avgust, 2026 · 3 daq. o'qish
O'zbekistonda 32 trillion so'm aylanadigan "maxsus" hududlar
Lenta
AIAI-xulosa
  • O'zbekistonda 32 trillion so'm aylanadigan "maxsus" hududlar
  • O'zbekiston iqtisodiyotini keskin o'zgartirgan maxsus zonalar hamda IT Parkning aqlbovar qilmas muvaffaqiyati

O'zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo'mitasi tomonidan e'lon qilingan so'nggi ma'lumotlar mamlakatdagi maxsus iqtisodiy zonalar , kichik sanoat zonalari , texnoparklar, klasterlar hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari  faoliyatining jadal o'sayotganini ko'rsatmoqda. 2026-yilning yanvar-iyun oylariga oid ushbu raqamlar, mazkur iqtisodiy platformalarning sanoat ishlab chiqarishi, xizmat ko'rsatish va investitsiyalarni jalb qilishdagi strategik ahamiyatini to'liq tasdiqlaydi. 

 I. Infratuzilma va ishtirokchilar qamrovi

2026-yilning 1-iyul holatiga ko'ra, respublikada faoliyat yuritayotgan iqtisodiy zonalar tarmog'i va ularning ishtirokchilari soni sezilarli darajada kengaydi, bu esa iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarning natijasidir. Kichik sanoat zonalari soni 400 taga yetib, ularda eng ko'p — 3 187 ta korxona ro'yxatdan o'tgan. Shu bilan birga, 34 ta maxsus iqtisodiy zona tarkibida jami 1 167 ta tadbirkorlik subyekti ish olib bormoqda. Innovatsion yechimlar va ta'lim integratsiyasi markazi bo'lgan 27 ta texnopark o'z ichida 4 302 ta ishtirokchini qamrab olgan. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan 354 ta klasterda 384 ta korxona hamda 163 ta YoSTZda jami 1 289 ta yosh tadbirkorlik subyekti o'z faoliyatini yuritmoqda. 

 II. Sanoat ishlab chiqarishi va investitsion oqimlar

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo'yicha MIZlar mutlaq yetakchi bo'lib qolmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida MIZ korxonalari tomonidan amaldagi narxlarda 32 060,5 mlrd so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lib, bu ko'rsatkich 2025-yilning mos davriga (26 504,1 mlrd so'm) nisbatan 21,0 foizga keskin oshgan. Undan keyingi o'rinlarni klasterlar 19 235,3 mlrd so'm va KSZlar 10 062,2 mlrd so'mlik sanoat ishlab chiqarish hajmi bilan band etgan. Texnoparklar (1 632,6 mlrd so'm) va YoSTZlar (491,7 mlrd so'm) sanoat sohasida nisbatan kamroq ulushga ega bo'lsa-da, ularning iqtisodiyotdagi o'ziga xos o'rni saqlanib qolmoqda. Moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan asosiy kapitalga yo'naltirilgan investitsiyalar bo'yicha ham yirik kapital oqimi bevosita MIZlarga qaratilgan bo'lib, u 5 116,5 mlrd so'mni tashkil etgan. Klasterlar qariyb 1 633,2 mlrd so'm, texnoparklar 808,9 mlrd so'm, KSZlar 551,8 mlrd so'm va YoSTZlar 1,4 mlrd so'm sarmoya jalb qilgan. O'z kuchi bilan bajarilgan qurilish ishlari hajmida esa KSZlar mutlaq yetakchi bo'lib, jami 527,3 mlrd so'mlik natija bilan MIZlar (93,9 mlrd so'm) va texnoparklardan (153,5 mlrd so'm) oldinda bormoqda. 

 III. Tarmoqlar diversifikatsiyasi: Ishlab chiqarish profili

Iqtisodiy zonalarning tarmoq ixtisoslashuvi ularning makroiqtisodiyotdagi o'rnini belgilaydi. MIZ tarkibidagi korxonalar asosan og'ir sanoat va mashinasozlikka ixtisoslashgan bo'lib, ular orasida metallurgiya sanoati 24,4 foiz hamda avtotransport vositalari, treylerlar va yarimtirkamalar ishlab chiqarish 24,1 foiz ulush bilan dominantlik qilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari (9,3 foiz) va boshqa nometall mineral mahsulotlar (7,5 foiz) sanoati ham faol rivojlanmoqda.Bunga qarama-qarshi o'laroq, kichik sanoat zonalarida  to'qimachilik mahsulotlari (19,0 foiz), metallurgiya (17,5 foiz), shuningdek, koks va neftni qayta ishlash mahsulotlari (13,0 foiz) hamda kiyim ishlab chiqarish (9,4 foiz) mazkur hududlarning tayanch drayverlari hisoblanadi.


 IV. Xizmatlar bozori va IT Park fenomeni


Texnoparklar nafaqat sanoat va innovatsiyalar, balki bandlik hamda yuqori daromadli bozor xizmatlari markazidir. Ular orqali ko'rsatilgan bozor xizmatlari jami 19 085,8 mlrd so'mga yetib, bu ko'rsatkich bo'yicha barcha hududlarni ortda qoldirdi. Texnoparklarda jami ish o'rinlari soni hisobot davri oxirida 65 841 tani tashkil qilib, MIZlardan (61 210 ta ish o'rni) o'zib ketgan. Xizmatlar eksporti bo'yicha ham texnoparklar ulushi yuqori bo'lib, ular orqali 392 980,9 ming AQSH dollarilik eksport qilingan. Raqamlashtirish siyosatining mevasi bo'lmish IT parki  faoliyati yana bir bor keskin sakrashni namoyish etdi. Uning ishtirokchilari tomonidan xizmatlar eksporti hajmi 2026-yilning olti oyida 392,5 mln AQSh dollariga yetib, 2025-yilning mos davriga (302,2 mln dollar) nisbatan qariyb 90,3 mln dollarga ko'paydi. Shu bilan birga, AT parkida xizmatlar importi ham sezilarli o'sib, 160,1 mln AQSh dollarini tashkil qildi. Ushbu ishtirokchilar tomonidan ichki bozorda ko'rsatilgan xizmatlar hajmi 18 166,4 mlrd so'mga yetib, yillik ifodada 4 111,8 mlrd so'm o'sishni ko'rsatdi. 
Tarmoqqa yo'naltirilgan investitsiyalar hajmining 647,5 mlrd so'mga yetishi, mazkur sohaga investitsion qiziqish yuqoriligini tasdiqlaydi. Natijada, AT parkida yaratilgan ish o'rinlari soni 51 991 taga yetib, kadrlar bandligini ta'minlashda asosiy nuqtalardan biriga aylandi. Umuman olganda, tahliliy raqamlar mamlakatda MIZlarning yirik sanoat va kapital markazlari sifatida, texnoparklarning esa zamonaviy eksport va xizmat ko'rsatish ustunlari sifatida mustahkam o'rin egallaganini isbotlaydi.

Izohlar (0)

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldira oladi. Kirish

Hozircha izohlar yo'q. Birinchi bo'ling!

Shuningdek o'qing

···