O'zbekistonning 2025-yildagi davlat byudjeti taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foizni yoki 39,4 trillion so'mni tashkil etdi. Bu makroiqtisodiy ko'rsatkich hukumatning xarajatlarni qisqartirish va byudjet intizomini qat'iylashtirish siyosati fonida shakllangan bo'lsa-da, markazlashgan fiskal bosim hamon saqlanib qolmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 502,6 trillion so'mga yetgan bir sharoitda, jami xarajatlar 541,7 trillion so'mni tashkil etdi. Garchi 2024-yildagi 47,8 trillion so'mlik (YaIMning 3,3 foizi) defitsitga nisbatan pasayish kuzatilgan bo'lsa-da, joriy moliyaviy yilda qayd etilgan 39,1 trillion so'mlik konsolidatsiyalashgan taqchillik hududiy xarajatlar va massiv subsidiyalarning davlat moliya tizimiga ko'rsatayotgan tarkibiy zaifligini fosh qiladi.

Soliq tushumlari va byurokratik xarajatlar
359,8 trillion so'mni tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 31,1 foizga o'sishni qayd etdi. Ushbu ijobiy dinamikaning asosiy drayveri bevosita soliqlar (117,8 trillion so'm, +29,8 foiz) va bilvosita soliqlar (109,6 trillion so'm, +24,1 foiz) hissasiga to'g'ri keldi. Resurs va mol-mulk soliqlari tushumi 44,9 trillion so'mni (+23,6 foiz), boshqa daromadlar esa 87,5 trillion so'mni tashkil etdi. Bunga parallel ravishda, davlat byudjeti xarajatlari ham 23,5 foizga sakrab, jami 383,9 trillion so'mga yetdi. Xarajatlar tarkibida davlat apparati va ijtimoiy to'lovlar dominantlik qilmoqda. Xususan, ish haqi fondi 149,6 trillion so'mni (+14,9 foiz), ijtimoiy soliqlar 29,8 trillion so'mni (+16,9 foiz) tashkil etgan bir paytda, bevosita iqtisodiy o'sishga xizmat qiluvchi kapital qo'yilmalar atigi 15,6 trillion so'm (+7,5 foiz) bilan cheklandi. Boshqa xarajatlar bloki esa karrasiga o'sib, 188,9 trillion so'mni (+34,3 foiz) tashkil etdi.
Hududiy byudjetlarning moliyaviy jarligi
Mahalliy byudjetlar daromadlari va xarajatlari o'rtasidagi manfiy tafovut 37,9 trillion so'mga yetdi. Byudjetni eng ko'p sarflovchi hudud sifatida Farg'ona viloyati ajralib turadi: mintaqaning o'z daromadlari 6,38 trillion so'm bo'lgani holda, xarajatlari 10,77 trillion so'mga yetib, salkam 4,39 trillion so'mlik defitsitni yuzaga keltirdi. Keyingi o'rinlarni iqtisodiy salohiyati yuqori bo'lishiga qaramay, xarajatlarni qoplay olmagan Andijon (3,56 trillion so'm taqchillik) va Samarqand (3,41 trillion so'm taqchillik) viloyatlari egalladi. Fiskal intizom bo'yicha eng barqaror ko'rsatkichlar asosan sanoatlashgan mintaqalarda — Navoiy (1,03 trillion so'm) va Toshkent viloyatida (1,35 trillion so'm) qayd etildi.

Subsidiyalar qaramligi
Hukumat 2025-yilda iqtisodiyotni sun'iy qo'llab-quvvatlash uchun 29 trillion 352 milliard so'm miqdorida subsidiya ajratdi. Buning eng yirik qismi — 11,3 trillion so'm bevosita energetika sohasiga yo'naltirildi. Energetika blokida tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o'rtasidagi zararlarni qoplash uchun 7 trillion so'm (-26,5 foiz), issiqlik ta'minoti korxonalari zararini qoplashga esa 3,5 trillion so'm (-9,7 foiz) sarflandi. Ijtimoiy va transport sohalarida xarajatlar keskin oshgan: maktabgacha ta'lim muassasalariga 3,95 trillion so'm (+18,2 foiz), aholi tomonidan uy-joy sotib olishni subsidiyalashga 2,13 trillion so'm (+51,3 foiz) ajratildi.

Avtobusda yo'lovchi tashish subsidiyalari 1,6 trillion so'mgacha (+35,8 foiz), metro xarajatlari 852 milliard so'mgacha (+25,9 foiz) ko'tarildi. Ayni paytda biznes va sanoatni qo'llab-quvvatlash qisqardi: «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJga 523 milliard so'm (-21,4 foiz), Savdoga ko'maklashish jamg'armasiga 500 milliard so'm (-23,7 foiz), Qishloq xo'jaligi jamg'armasiga 420 milliard so'm (-40,7 foiz) ajratildi, geologiya-qidiruv ishlari subsidiyalari esa 820 milliard so'mni (-4 foiz) tashkil qildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan 2026-yilgi byudjet parametrlariga ko'ra, konsolidatsiyalashgan daromadlar 515,8 trillion so'mni, xarajatlar esa 567,7 trillion so'mni tashkil etishi kutilmoqda. Loyihalashtirilgan byudjet taqchilligining kutilmaganda 60,1 trillion so'mga (YaIMning 3 foizi) ko'tarilishi suveren qarz barqarorligini hamda hukumatning uzoq muddatli fiskal konsolidatsiya siyosatini xalqaro moliya bozorlari oldida jiddiy sinovdan o'tkazadi.



