Tayvan hukumati har bir fuqarosiga sun'iy intellekt bumidan tushgan daromadlar hisobidan 10 000 yangi tayvan dollari ($314) tarqatishini rasman e'lon qildi. Jami $7,4 milliardlik ushbu mislsiz moliyaviy inyeksiya orol iqtisodiyotining 2026-yilda kutilayotgan 11 foizlik yalpi o'sishi va yarimo'tkazgichlar eksporti $903 milliardga yetishi fonida amalga oshirilmoqda.
Ushbu makroiqtisodiy harakat byudjet profitsitini taqsimlashdan ko'ra chuqurroq ma'noga ega. Bu Tesla rahbari Elon Musk, OpenAI direktori Sam Altman va Nobel mukofoti sovrindori Geoffrey Hinton kabi texnologiya gegemonlari yillar davomida ogohlantirib kelayotgan ssenariy — sun'iy intellekt davrida texnologik renta va universal bazaviy daromad mexanizmining real iqtisodiyotdagi ilk amaliyotidir.
Korporativ qulf va AQShdagi lobbizm
Qo'shma Shtatlar AI dasturiy ta'minoti va intellektual mulkining mutlaq markazi bo'lsa-da, u yerdagi moliyaviy arxitektura bunday taqsimotga yo'l qo'ymaydi. AQShda Nvidia, Microsoft yoki OpenAI kabi korporatsiyalar yaratayotgan trillionlab dollarlik qiymat aksiyadorlar kapitali va korporativ hisobraqamlarda qulflanadi. Kuchli texnologik lobbizm "robotlar solig'i" yoki boylikni to'g'ridan-to'g'ri qayta taqsimlash mexanizmlarining qonunchilik darajasiga chiqishini qat'iy bloklaydi.
Tayvan esa global AI-infratuzilmasining apparat yuragi — TSMC kabi ishlab chiqaruvchilar orqali fizik monopoliyaga ega. Eksportga qaratilgan ishlab chiqarish davlat tomonidan qat'iy nazorat qilinadi va oson soliqqa tortiladi. Hukumat geosiyosiy xavflar fonida texnologik sektorni milliy xavfsizlik masalasi deb biladi. AI rentasini jamiyatga to'g'ridan-to'g'ri taqsimlash orqali davlat texnologik soha va xalq o'rtasidagi ijtimoiy uzviylikni sun'iy ravishda mustahkamlamoqda.
Markaziy Osiyodagi texnologik va institutsional jarlik
O'zbekiston va Markaziy Osiyo hududida yaqin o'n yilliklarda bunday "texnologik dividendlar" taqsimlanishining ehtimoli matematik va institutsional jihatdan nolga teng. Mintaqa mamlakatlari global iqtisodiy qiymat zanjirining o'ta quyi qismida — xomashyo va arzon ishchi kuchi eksportyori pog'onasida joylashgan. AI-rentani taqsimlash uchun, avvalo, o'sha rentani yaratuvchi intellektual mulk yoki global infratuzilma davlat ichida bo'lishi shart.
Markaziy Osiyo davlatlari faqatgina tayyor xorijiy AI xizmatlarining iste'molchisi bo'lib, ular orqali ichki kapital faqat tashqariga oqib chiqadi. Qolaversa, mintaqadagi institutsional zaiflik sharoitida hatto an'anaviy tabiat resurslaridan olinadigan super-foyda ham fuqarolarga to'g'ridan-to'g'ri dividend ko'rinishida yetib bormaydi. Rivojlanayotgan davlatlar avtomatlashtirish oqibatida yo'qotiladigan ish o'rinlari uchun kompensatsiya to'lash tugul, hozircha bazaviy makroiqtisodiy barqarorlik va energetika defitsitlarini yopish bilan band.
Ijtimoiy trankvilizator va rozilik savdosi
Tayvanning jami $7,4 milliardlik tarqatmasi kelajakdagi iqtisodiy inqiroz va sinfiy noroziliklar oldidan to'lanayotgan avans pulidir. Sun'iy intellektning to'xtovsiz rivojlanishi muqarrar ravishda "oq yoqaliklar" (dasturchilar, tahlilchilar, moliya xodimlari) mehnat bozorini massiv qisqartiradi. Iste'molchilar oylik maoshsiz qolsa, korporatsiyalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni kim sotib oladi, degan savol kapitalizmning tayanch inqiroziga aylanmoqda.
Fuqarolarga dividend to'lash — hukumatlar va texno-gegemonlarning jamiyatni tinchlantirish operatsiyasi hisoblanadi. Maqsad aholiga ishi va ijtimoiy funksiyasi tortib olinayotganini bildirmaslik va radikallashuvning oldini olishdir. Tayvan o'z fuqarolariga ularni algoritmlar almashtirishi, ammo yashash uchun minimal kapitalni texnologiyalar hisobidan olishlari haqidagi yangi sotsial kelishuvni taqdim etmoqda.
Global moliya bozorlarida texnologik daromadlarni ijtimoiy himoyaga yo'naltirish bo'yicha boshlangan bu trend oqibatlari nomutanosibliklarni keltirib chiqaradi. Tayvanning ushbu tajribasi kelajakda doimiy va kafolatlangan universal bazaviy daromadga aylanadimi yoki shunchaki insoniyatni texnologik ishsizlik jarligiga qulayotganini yashirish uchun ishlatilgan arzon siyosiy trankvilizator bo'lib qoladimi, buni yaqin yillardagi mehnat bozorining tarkibiy qulash tezligi ko'rsatadi.



