
— Yangi qonun va talablar fonida tadbirkorlar orasida vahima bormi? Eng asosiysi — xizmatlaringiz narxi endi qanchaga oshadi va bu qo'shimcha xarajatlar yakunda ijara narxlari orqali oddiy iste'molchilarning chekiga qanchalik ta'sir qiladi?
— Hech qanday vahima yo'q. Bu asosan tashqaridan qaraganda shunday tuyuladi, xolos. Iqtisodiy til bilan aytganda, yong'in xavfsizligi tizimini noldan o'rnatish butun boshli ta'mirlash va obyektni ishga tushirish byudjetining bor-yo'g'i 2-5 foizini tashkil qiladi. Qonunlar qattiqlashgani sababli xizmatlar narxi osmonga sapchib ketadi va bu darhol ijara stavkalariga, keyin esa xaridorlar bo'yniga tushadi, degan farazlar mutlaqo mantiqsiz.
— Bozorda faqat "qog'ozda" ishlaydigan, arzon xizmat taklif qiluvchi kompaniyalar ko'p. Ularni yollab pulni tejagan tadbirkor, real yong'in yoki to'satdan kelgan tekshiruv vaqtida qancha moliyaviy zararga kirishi mumkin?
— Qonunchilik qattiqlashayotgan bugungi kunda "qog'ozdagi xavfsizlik" tom ma'noda sekin ishlovchi bombadir. Jarimalar endi shunchaki kosmetik xarakterga ega emas. Katta biznes uchun bitta qo'pol xato nafaqat moliyaviy sanksiya, balki faoliyatning to'liq to'xtatilishini anglatadi. Biznes egalarining asl qo'rquvi yong'indan ko'ra, korxona eshigiga muhr urilishidan.
— Narxlaringiz qanday shakllanadi? Tadbirkor har oy to'layotgan pulining necha foizi real uskunalar va texnik xizmatga ketadi va necha foizi shunchaki davlat tekshiruvlaridan "tinchlik" uchun to'lanadigan ustama hisoblanadi?
— Moliyaviy modelimiz juda shaffof. Asosiy xarajatlar — mutaxassislarning ish haqi fondi va materiallar qiymati. Ustiga qo'yiladigan marja kompaniyaning sof operatsion foydasidir. Davlat tekshiruvlaridan qutulish uchun to'lanadigan qandaydir yashirin "tinchlik solig'i" degan tushuncha bizda yo'q. Klient haqiqiy muhandislik yechimi uchun pul to'laydi.

— Bitta o'rtacha savdo markazi yoki korxona yong'in xavfsizligi tizimini bir marta sotib olib, o'zi o'rnatsa qanchaga aylanadi-yu, sizning "obuna" xizmatingiz orqali yillik xarajat qancha bo'ladi? Nega tadbirkorlar bir marta xarajat qilib qutulish o'rniga, sizga har oy barqaror "o'lpon" to'lashi kerak?
— O'zibo'larchilik qilib, arzon elektrik va kuzatuv kamerasi o'rnatuvchilarni yollash — bu mayda savdo nuqtalarining uslubi. Ammo o'rta va yirik korporativ sektor uchun xavfsizlik tizimini ichki shtat orqali boshqarish mutlaqo iqtisodiy samarasiz. Buni autsorsingga berish orqali ular jiddiy operatsion xatarlardan qutuladi. Biz oylik obuna narxini juda hamyonbop darajada ushlab tura olamiz. Nega? Chunki mavjud va katta mijozlar bazamiz hisobiga masshtab iqtisodiyotidan (economies of scale) samarali foydalanamiz.
— Nega bu serdaromad biznesga istalgan tadbirkor osongina kira olmaydi?
— Bu sohadagi "sardaromadlik" ko'pchilik uchun shunchaki sarob. O'zbekiston biznes muhitida qiziq bir paradoks bor: mulkdor binoning dabdabali fasadiga yoki xorijdan keltirilgan qimmat mebelga millionlar sarflashi mumkin, ammo yong'in xavfsizligiga kelganda xarajatlarni eng oxirgi tiyinigacha qisqartiradi. Aksariyat buni himoya emas, balki davlat idoralari uchun kerak bo'lgan qog'ozbozlik deb biladi. Bozorga kirish va ushlanib qolish o'ta murakkab, chunki yirik mijozlar bazasisiz bu B2B segmentda omon qolish imkonsiz. Hatto sohada 5-10 yildan beri faoliyat yuritayotgan "qari bo'rilar" ham yiliga o'rtacha 500 mingdan 1,2 million dollargacha daromad qiladi. Bu shunchaki ko'chadan kelib pul qilinadigan soha emas.
— Litsenziya olish qanchalik qiyin va sohani aslida kim nazorat qiladi?
— Ushbu bozordagi barcha yozilgan va yozilmagan qoidalarni, shuningdek, yakuniy nazoratni to'g'ridan-to'g'ri Favqulodda vaziyatlar vazirligi amalga oshiradi.



